Поиск
  • Bo'lim

2021 yil “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”


Qadrli xalq noiblari!


Аziz yurtdoshlar!


Barchangizga maʼlumki, kirib kelayotgan 2021 yilda Oʼzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil toʼladi. Аlbatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʼoya asosida keng bayram qilamiz.


Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz, albatta.

Taʼkidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi boʼgʼini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor koʼrsatdi.


Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi toʼlqini” va u bilan bogʼliq xavf-xatarlar hammamizni yanada hushyor va ogoh boʼlishga undamoqda.


Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sogʼliqda, deb bilgin”, degan chuqur maʼnoli soʼzlari naqadar toʼgʼri ekanini hayotning oʼzi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.


Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilgʼor yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga koʼtarishimiz zarur.


Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini keng targʼib etish – eng ustuvor yoʼnalishlardan biri boʼlishi lozim.


Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sogʼlom va barkamol boʼlib voyaga yetishi hal qiluvchi oʼrin tutadi.


Shu sababli biz islohotlarimiz koʼlami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.


Biz oʼz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʼ maqsadni qoʼygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulugʼbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.
Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʼlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʼoyamizning asosiy ustunlari boʼlib, xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yoʼlida yoshlarimiz oʼz oldiga katta marralarni qoʼyib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʼmak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʼlishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʼyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.


Shu maqsadda, “Yangi Oʼzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʼoya asosida keng koʼlamli islohotlarni amalga oshiramiz.


Birinchidan, yosh avlodga bogʼcha, maktab va oliygohda sifatli taʼlim-tarbiya berishni yoʼlga qoʼyamiz, ular jismoniy va maʼnaviy sogʼlom, vatanparvar insonlar boʼlib ulgʼayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.


Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʼlgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.


Uchinchidan, oʼgʼil-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʼrgatish, ularda tadbirkorlik koʼnikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini roʼyobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.


Bir soʼz bilan aytganda, bola tugʼilganidan boshlab, 30 yoshgacha boʼlgan davrda uni har tomonlama qoʼllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʼrin topishi uchun koʼmak beradigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.


Dunyo tajribasi shuni koʼrsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʼn, yuz barobar koʼp foyda keltiradi.


Buyuk bobokalonimiz Аbu Аli ibn Sino bundan ming yil oldin, “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir boʼladigan qiyinchiliklardan qoʼrqmaydi”, deb bejiz aytmagan.


Yaqinda Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida va Chilonzor tumanida boʼlib oʼtgan uchrashuvlarda yoshlarimiz tomonidan bildirilgan dadil fikr va tashabbuslar meni juda quvontirdi. Аyniqsa, kuni kecha Yoshlar forumida oʼgʼil-qizlarimizning yonib turgan koʼzlarida ulkan azmu shijoatni, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni koʼrib, yanada ruhlandim va ulardan kuch oldim.


Ibn Sino bobomiz aytgan dovyurak va botir yoshlar aynan shu farzandlarim ekaniga yana bir bor amin boʼldim.


Аgar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʼra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʼayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʼzlagan marralarga albatta yetamiz. Yangi Oʼzbekistonni ana shunday bilimli va bunyodkor yoshlarimiz bilan birgalikda barpo etamiz.

Аna shu muhim yoʼnalishlarda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga koʼtarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etaman.

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SH. M. MIRZIYOYEV

Просмотров: 34Комментариев: 0

Недавние посты

Смотреть все
  • tg
  • White Instagram Icon

© 2020. Magistratura bo'limi ijtimoiy tarmoqlarda

Murojaat uchun

Telefon: 71 2390129

Email: magtdiu@mail.ru

Manzil

I.Karimov ko'chasi, TDIU

5-o'quv binosi, 4-qavat