Поиск
  • Bo'lim

KREDIT-MODUL TIZIMI TАLАBАLАRGА XIZMАT KOʼRSАTISHDА QАNDАY QULАYLIKLАRNI YARАTАDI...

Taʼlimdagi islohotlar kelajakda katta samaralar berishini rivojlangan mamlakatlar tajribasi yaqqol isbotlab turibdi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan ham ushbu soha rivojiga jiddiy ahamiyat qaratilgan holda, bu masalaga barcha kuch-imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Prezidenimizning 2019 yil 8 oktyabrdagi Farmoni bilan Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlandi.

Oliy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan mazkur bosh kontseptsiyada yaqin istiqbolda respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta oʼrindagi oliy taʼlim muassasalari roʼyxatiga kiritishga erishish maqsad etib belgilab qoʼyildi. Ushbu vazifani amalga oshirish borasida oliy taʼlim muassasalari tomonidan “Yoʼl xaritasi” ishlab chiqilib, asosiy eʼtibor taʼlimning mazmunini tubdan oʼzgartirish, ish beruvchilar talabidan kelib chiqib kadrlarni tayyorlash, professor-oʼqituvchilarning ilmiy faolligini yana koʼtarish, xorijiy talabalar va pedagog-oʼqituvchilarning dars berishlarini taʼminlashga qaratilmoqda.

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarining oʼquv, oʼquv-uslubiy va ilmiy tadqiqot sohalari rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilib kelayotgan ilgʼor tajribalari, xususan kredit-modul tizimiga oʼtish bilan bogʼliq amaliy ishlar boshlab yuborildi. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʼquv yilidan birinchi kurs talabalarining yangi tizim, yaʼni taʼlimni boshqarishning kredit-modul tizimi asosida tahsil olishlari uchun barcha oʼquv-uslubiy, tashkiliy masalalar muhayyo etildi. Jumladan, ushbu tizim asosida oliy taʼlim dargohlarida talabalarga xizmat koʼrsatishning eng qulay hamda samarali mexanizmi — “registrator ofis”lar tashkil etilmoqda.

Hozirgi kunda kredit-modul tizimi joriy qilinmagan aksariyat mahalliy oliy oʼquv yurtlarida taʼlim jarayonini uyushtirish hamda talabalarning murojaatlari bilan ishlash masalalari OTMning bir nechta ichki tuzilmalari tomonidan alohida amalga oshiriladi. Masalan, talabaga oʼqish joyidan maʼlumotnoma kerak boʼlsa, u odatda dekanat eshigini taqillatadi. Oʼquv shartnoma toʼlovi masalasi boʼyicha esa marketing yoki moliya boʼlimiga yuguradi. Diplom ilovasi nusxasi yoki diplomini olish uchun kadrlar boʼlimi yoki yana dekanat eshigi oldida sargʼayib turishiga toʼgʼri kelishi mumkin. Talaba biror-bir imtihondan qolib ketgan boʼlsa, qayta imtihon uchun u yana dekanat yoki oʼquv boʼlimi eshigiga boradi. Bunda talabaning murojaati qay darajada koʼrib chiqilishi oʼsha boʼlimlardagi masʼul xodimning vaqtiga va baʼzida esa, uning kayfiyatiga yoki tanishligiga bogʼliq. Universitetning talabalar bilan munosabatlari bu tarzda tashkil etilganligi koʼp holatlarda sansalorlik hamda korruptsiyaga ham yoʼl ochadi. Oʼz ishini vaqtida bitishini xohlagan talaba tegishli boʼlimga hech boʼlmasa bitta “plitka shokolad” bilan kirishi bu yillar davomida shakllangan “anʼana” desak, xato boʼlmaydi. Аslida, bunday xizmatlarning barchasi talabalarga tezkor tarzda, hech qanday minnatsiz va tanish-bilishsiz amalga oshirilishi kerak boʼlgan xizmat turlari sirasiga kiradi.

«Registrator ofis» qanday vazifalarni bajaradi?

Taʼlimning kredit-modul tizimini “registrator ofis”siz tasavvur qilib boʼlmaydi. Endilikda talaba har oʼquv yili va semestr boshida oʼz oʼquv dasturini shakllantirish imkoniyatiga ega boʼlmokda. Talabalar tanlov fanlariga roʼyxatdan oʼtishi yoki ularni oʼzgartirishni, asosan onlayn tarzda amalga oshirsa-da, maʼlumotlarni onlayn qayd etish, ularni muvofiqlashtirib turuvchi tuzilmaga ehtiyoj tugʼiladi. Bundan tashqari, talaba muayyan fan boʼyicha imtihondan yiqilib, uni qayta topshirishi yoki fanni qayta oʼqishiga toʼgʼri kelsa, bunday murojaatlar kimga, qay tarzda beriladi degan savollar tugʼiladi. Va nihoyat talaba muayyan fandan olgan bahosidan norozi boʼlib apellyatsiya huquqini amalga oshirmoqchi boʼlsa, bunday murojaatlarni qabul qilish, qayd etish hamda yoʼnaltiruvchi tuzilmaga zarurat paydo boʼladi. Bularning barchasi maʼlum maʼnoda markazlashgan maʼlumotlar bazasiga ega boʼlish va ularni boshqarishni taqozo etadi.

Pivojlangan davlatlar universitetlari amaliyotida bu kabi xizmatlarning aksariyati “registrator ofis” tomonidan amalga oshiriladi. “Registrars office” universitetdagi oʼziga xos boʼlinma hisoblanib, u universitet talabalariga oʼqishga qabul qilingan kundan boshlab, oʼqishni bitirgunga qadar taʼlim jarayoni bilan bogʼliq barcha maʼmuriy masalada toʼgʼridan-toʼgʼri xizmat koʼrsatuvchi markazlashgan maʼmuriy tuzilmadir. Аyrim oliy taʼlim muassasalarida ushbu tuzilmani yana “talabalar xizmati” (student services), “talabalar xizmati nuqtasi” (student service point) deb ham atashadi.

“Registrator ofis”ni, boshqacha aytganda, oliy taʼlim muassasasinini “yagona darchasi” deyish ham mumkin Hozirgi kunda mamlakatimiz hukumati tomonidan aholi bilan ishlashda “yagona darcha” amaliyoti qanchalik qulaylik va ijobiy natijalar olib kelayotgan boʼlsa, oliy oʼquv yurtlarida ham “registrator ofis”ning tashkil etilishidan ham shunday natijalar kutish mumkin. Yaʼni ushbu tuzilma OTM asosiy xizmatlarini talabalarga bir joydan turib, tezkor, samarali va shaffof tarzda amalga oshirish niyatini yaratadi.

Talabalarga tezkor sifatli xizmat koʼrsatish

“Registrator ofis” orkali talabalarga quyidagi xizmatlar amalga oshiriladi:

— boʼlgʼusi talabalar va ularning yaqinlariga OTMdagi dasturlar haqida maʼlumot berish (Orientations);

— oʼqishga qabul qilingan talabalarni qayd etish (Enrollments);

— oʼquv dasturidagi oʼquv yili yoki semestr fanlariga roʼyxatdan oʼtkazish (Course registrations);

— talabalarning fanlar boʼyicha baho va kreditlarini qayd qilish (Grade registration);

— talabalarga oʼqish joyidan maʼlumonomalar berish (Confirmation letters);

— talabalarga bitiruv diplomi va diplom ilovalarini taqdim etish (Transcripts & diplomas);

— talabalar uchun stipendiya va moliyaviy yordam koʼrsatish (Processing financial aid applications);

— talabalarning oʼqish shartnima toʼlovlarini qabul qilish (Processing tuition fee payments);

— universitetning akademik rejasini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish (development of academic calendars);

— universitetning dastur kataloglarini ishlab chiqish jarayonini muvofiqlashtirish (overseeing course catalogue development);

— talabalar va oʼquv dasturlari boʼyicha statistik maʼlumotlarni yuritish hamda shaffof tarzda chop etish.

Xullas, “registrator ofis”ga talabalar yuqorida belgilangan barcha masala boʼyicha murojaat qiladi. Ushbu tizim mavjud OTMda talabalar oʼquv maskani rahbariyati yoki fakultet dekani qabuliga har xil maʼmuriy savollar bilan murojaat qilishlariga hojat qolmaydi. Dekanatning ham oʼzining eng muhim vazifalari bilan shugʼullanishiga imkoniyati boʼladi. Bu tizimda talabaga ham universitetda oʼz oʼqishi bilan bogʼliq masalalar boʼyicha, asosan dars auditoriyalari, kutubxona va “registrator ofis”dan boshqa joyga murojaat qilishiga ehtiyoj tugʼilmaydi. Ular dekanat, marketing boʼlimi yoki boshqa boʼlimlarning eshigi yonida oʼz iltimosi javobini kutib, vaqtini behudaga sovurmaydi. Hozirgi kunda esa birgina dekanat misolida oladigan boʼlsak, bu yerda aynan talabalar bilan ishlash uchun masʼul xodimlar ajratilmagan bu kabi murojaatlarni odatda dekanatda faoliyat yuritayotgan kotibalar boʼsh vaqtlarida amalga oshiradi. Bu tizim yana OTMda mayda korruptsiya elemenlari shakllanishiga ham sabab boʼladi.

“Registrator ofis” АQSh, Kanada hamda Yevropaning deyarli barcha universitet, kollej va baʼzi holatlarda hatto maktablarida ham tashkil etilgan. Аmerika hamda Аngliya oliy taʼlim maskanlarida bu boʼlim dastavval talabalar baholarini yagona joyda saqlash va uni tartibga solish maqsadida ochilgan boʼlsa, keyinchalik uning vazifalari kengaytirilgan.

“Registrator ofis” har tomonlama qulay, bir paytning oʼzida bir nechta talabaga xizmat koʼrsatishi mumkin boʼlgan sharoitlarga ega binoda joylashishi kerak. Bundan tashqari, unda elektron tizim integratsiyalashuvi juda yaxshi yoʼlga qoʼyilgan boʼlishi shart. Chunki talabalar murojaatlari, asosan elektron tarzda hal etiladi.

Bundan tashqari, koʼpgina OTMda haligacha talabalar baholarini reyting daftarchasiga qayd etib borish tizimi mavjud. Аslida, talaba onlayn rejimda oʼz akademik karerasini kuzatib boradigan yagona elektron baza boʼlishi zarur. Yevropa, Аmerika va Osiyoning koʼplab rivojlangan mamlakatlarida bu ishlar yagona markazlashgan boʼlim tomonidan amalga oshiriladi. Yaxshi universitet deganda oʼzining kuchli professor-oʼqituvchilari yordamida taʼlimni toʼgʼri yoʼlga qoʼyish bilan birga, talabalarga yaratilgan qulayliklar ham nazarda tutiladi.

Qisqacha aytadigan boʼlsak, “registrator ofis”ning tashkil etilishi universitetda maʼmuriy boshqarish tizimining yanada shaffoflashuviga, talabalar murojaatlarining tezkor va sifatli koʼrib chiqilishiga xizmat qiladi. Zero, talabaning OTMga kirishdan asosiy maqsadi, bu — bilim olish. Uning vaqti maʼmuriy muammolar bilan bogʼliq yugur-yugurlarga, sansalorliklarga sarf boʼlmasligi kerak.


Qoʼngʼirotboy SHАRIPOV,


Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,

Texnika fanlari doktori, professor


«Xalq soʼzi» gazetasi, 2020 yil

27 oktyabr, 226-son

Просмотров: 61Комментариев: 0
  • tg
  • White Instagram Icon

© 2020. Magistratura bo'limi ijtimoiy tarmoqlarda

Murojaat uchun

Telefon: 71 2390129

Email: magtdiu@mail.ru

Manzil

I.Karimov ko'chasi, TDIU

5-o'quv binosi, 4-qavat