Поиск
  • Bo'lim

Kredit-modul tizimiga o'tish nima uchun kerak? Maqsad, mohiyat va afzallik​...



Koronavirus pandemiyasi sharoitida inson hayotining barcha jabhasida misli koʼrilmagan oʼzgarishlar sodir boʼlmoqda. Ushbu silsilalar koʼp yillik shakllangan qadriyatlar, anʼanalar va tamoyillarning “darz” ketishiga ham olib keldi. Xususan, nufuzli olimlar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan yaqin va oʼrta istiqbolda kurrai zamin taraqqiyotiga tahdid soladigan xavf-xatarlar boʼyicha berilgan prognoz koʼrsatkichlari oʼz tasdigʼini topmadi. Аksincha, ular qaytadan koʼrib chiqilayotir. Аmmo shu narsa ayon: dunyo bir butunlikda harakat qilmas ekan, inson oʼta tahlikali vaziyat qurboniga aylanishi hech gap emas. Yagona najot yoʼli esa toʼplangan bilim, shakllangan koʼnikma va orttirilgan xulosalarni yagona maqsad sari yoʼnaltirish, ilm hamda tajribalarni samarali uygʼunlashtira olishdir.

Bilim va ilmning shakllanishi esa bevosita taʼlim tizimiga borib taqaladi. Taʼlim tizimi samaradorligini oʼqituvchi saviyasi, talaba ehtiyoji, oʼquv adabiyotlari mazmuni hamda mustaqil taʼlimni shakllantirishga qaratilgan infratuzilma bevosita taʼminlab beradi. Demak, ilgʼor kadrlarni tayyorlash, ularni mehnat bozori talablariga muvofiq raqobatdoshligini oshirish, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni yetishtirish oʼquv dargohlarida yoʼlga qoʼyilgan taʼlim berish jarayoni bilan chambarchas bogʼliq.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yilning 8 oktyabrida “Oʼzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu muhim dasturilamal hujjatda “respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʼrindagi oliy taʼlim muassasalari roʼyxatiga kiritish va oliy taʼlim ­muassasalarida oʼquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʼtkazish” belgilab berildi.

Shuningdek, 2030 yilga qadar respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasasi (OTM)ning 85 foizi, jumladan, 2020/2021 oʼquv yilining oʼzida 33 ta oliy taʼlim dargohini kredit-modul tizimiga oʼtkazish koʼrsatib oʼtildi.

Xoʼsh, bundan koʼzlangan maqsad nima? Bugun va kelajak uchun mazkur mexanizm qay darajada foyda keltiradi? U yangi Oʼzbekistonning strategik maqsadlariga qanchalik mos?

quyida ana shu savollarga batafsil javob izlashga harakat qilamiz.

Uning oʼzi nima?

Kredit-modul tizimi, bu — taʼlimni tashkil etish jarayoni boʼlib, oʼqitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit oʼlchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini taʼminlash; talabalar bilimini reyting asosida baholash.

Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:

— oʼquv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;

— bitta fan, kurs (kredit)ning­qiymatini aniqlash;

— talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;

— talabalarga oʼzlarining oʼquv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;

— taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning ulushini oshirish;

— taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qoʼyilgan talabdan kelib chiqib oʼzgartirish mumkinligi.

Yuqoridagilar dars mashgʼulotlarini nafaqat oʼqitishni innovatsion taʼlim texnologiyalari asosida olib borish, balki talabadan mustaqil oʼqib-oʼrganish, taʼlimga yangicha munosabatda boʼlish, mehnat bozori talabidan kelib chiqib, zaruriy va chuqur nazariy bilimlarni egallash, amaliy koʼnikmalarini shakllantirishga oʼr­gatishdan iboratdir. Muxtasar aytganda, mazkur tizim talabaning kasbiy rivojlanishi va kamolotiga yoʼnaltirilgan. Ilm sohibining butun hayoti davomida bilim olishini taʼminlashga hamda mehnat bozori va zamonaviy talablarga javob bera oladigan inson kapitalini shakllantirishga qaratilgandir.

Keling, shu oʼrinda modul va kredit tushunchalari mohiyatiga qisqacha toʼxtalib oʼtamiz.

Modul — bu, bir nechta fan hamda kurslar oʼrganiladigan oʼquv rejasining bir qismi. U talabalarda maʼlum bir bilim va koʼnikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega boʼlishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda oʼqituvchi oʼquv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio maʼruzalar oʼqiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil oʼrganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.

Xorijiy tajribaga koʼra, kredit-modul tizimida oʼquv jarayoni har semestrda 2 — 4 tagacha moduldan iborat boʼladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini oʼzaro uzviy toʼldirish printsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis boʼlib shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish ­malakasiga ega boʼlishi talab etiladi.

Modulga asoslangan oʼquv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqiladi va quyidagilarni oʼz ichiga qamrab oladi:

— oʼquv maqsadi hamda vazifalarning toʼliq ochib berilishi;

— talabaning fanni (kursni) boshlashi va tugatishidan keyingi orttirishi lozim boʼladigan malakasiga qoʼyiladigan ­talablar;

— modul tarkibiga kirgan har bir fanning qisqacha mazmuni (sillabus), yaʼni maʼruzalar mavzulari, seminar va amaliy mashgʼulotlarning rejasi, mustaqil taʼlimni baholash uchun moʼljallangan topshiriqlar;

— oʼqitishning qisqacha bayoni: taʼlim berish usul hamda vositalari; bilimlarni baholashning usul va shakllaridan ­iborat.

Modul asosida oʼqitish tizimida talabalar bilimi, malakasi hamda koʼnikmasini baholashda reyting baholash tizimidan foydalaniladi. Unda talabaning barcha oʼquv faoliyati, yaʼni auditoriya va auditoriyadan tashqarida olgan, oʼzlashtirgan bilimlari ball berish orqali baholanadi.

Kredit (credit) — talabaning alohida taʼlim yoʼnalishi yoki dasturi (kurs) boʼyicha fanlarni oʼqib oʼrganishi va oʼz­lashtirishi uchun sarflangan oʼquv yuklamasining (vaqtning) oʼlchov birligidir. ­Kredit — talabaning meʼyoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt oʼlchovidir. Talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʼtgandan soʼng beriladi.

Har bir talaba kelajakda tanlagan yoʼnalishi va mutaxassisligi boʼyicha diplomga ega boʼlishi uchun kreditlarni yigʼib borishi lozim. Toʼplangan kredit talabaga butun umr davomida oʼzining malakasini oshirib borish yoki qoʼshimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Iqtisodiy tilda aytganda, toʼplangan kredit talabaning akademik “aktivi”ga aylanib boradi.

Kredit texnologiyasi taʼlim oluvchilarga ishchi oʼquv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual oʼquv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga, nafaqat fanlarni, balki professor-oʼqituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi. Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatining berilishi ijobiy hol sanaladi. Bu oʼquv jarayonlarini baholashning oʼziga xos qiymat koʼrsatkichi boʼlib ham hisoblanadi.

Tarix va sabab

Kredit ilk marotaba XVIII va XIX asrlarda АqSh universitetlarida joriy etilgan boʼlib, oʼquv jarayonlarini liberalizatsiya qilish, talabaning haftalik akademik yuklamasini belgilab berish maqsadida yaratilgan.

1869 yilda Garvard universiteti prezidenti, Amerika taʼlimining taniqli arbobi Charlz Uilyam Eliot “kredit soati” tushunchasini isteʼmolga kiritadi. Shunday qilib, 1870 — 1880 yillarda kredit soatlari bilan oʼlchanadigan tizim joriy qilinadi. Kredit tizimi bilan oʼqish va oʼquv dasturlarini oʼzlashtirish talabalarga oʼquv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish, uning sifatini nazorat qilish, taʼlim texnologiyalarini ­takomillashtirish uchun imkoniyat yaratib berdi.

Kredit toʼplash oʼlchovining kiritilishi talabaga katta erkinlik berish bilan bir qatorda, kelajakda tanlagan sohasining raqobatbardosh mutaxassisi boʼlib yetishishi uchun akademik jarayonni mustaqil rejalashtirish imkonini ham taqdim etdi. Аyni chogʼda, baholash tizimi va taʼlim texnologiyalarining takomillashishiga ham olib keldi.

Bolonya deklaratsiyasida koʼzda tutilganidek, kredit-modul tizimi aynan ­mustaqil taʼlimga urgʼu qaratgani holda, asosan, ikkita funktsiyani bajarishga ­xizmat qiladi:

birinchisi, talabalar va oʼqituvchilarning mobilligini, yaʼni bir oliy taʼlim muassasasidan boshqa OTMga toʼsiqlarsiz, erkin ravishda oʼtishini (oʼqishni yoki ishni koʼchirish)ni taʼminlaydi;

ikkinchisi, talabaning tanlagan taʼlim yoʼnalishi yoki mutaxassisligi boʼyicha barcha oʼquv va ilmiy faoliyati uchun akademik yuklama — kredit aniq hisoblab boriladi. Kredit yigʼindisi talabaning tanlagan ­dasturi boʼyicha nimani qancha oʼzlashtirganligini namoyon etadi.