Поиск
  • Bo'lim

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yangi oʼquv yiliga tayyormi?


Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida prorektorlar, boʼlim boshliqlari, dekanlar va kafedra mudirlari ishtirokida kengaytirilgan onlayn yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda yangi oʼquv yiliga tayyorgarlik, masofaviy taʼlimni amalga oshirishdagi mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari, shuningdek, bakalavriat, magistratura va ikkinchi oliy taʼlimga qabul jarayonlari holati muhokama qilindi.

Onlayn yigʼilish avvalida bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib bakalavriat bosqichining 2, 3, 4-kurs va magistratura bosqichining 2-kurs talabalari uchun dars jarayonlarini 2020 yil 2 sentyabridan boshlab masofaviy tarzda amalga oshirish boʼyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi koʼrib chiqildi. Аytib oʼtildiki, ayni kunlarda 600 nafardan ortiq talaba internet yetib bormagan yoki yetarlicha internet tezligiga ega boʼlmagan hududlarda istiqomat qiladi. Bunday holatda ularning oʼquv jarayonlarida ishtirok etishini taʼminlash boʼyicha alohida dastur ishlab chiqib, masʼullarga uning ijrosini taʼminlashga doir vazifalar yuklatildi. Jumladan, internetdan foydalanish va ulanish imkoniyati yoʼq talabalar uchun har bir hududda OTMlararo yuqori internet infratuzilmasiga ega boʼlgan markazlarni tashkil qilish orqali onlayn darslarni tashkil etish, ular uchun noutbuklarni arzonlashtirilgan narxlarda imtiyozli kredit asosida berish, koʼzi ojiz talabalar sonini aniqlab, ularga moddiy yordam berish va ular uchun onlayn darslarni audiolektsiya tarzida tashkil etish boʼyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yangi oʼquv yilining kredit-modul tizimi asosida olib borilishini inobatga olib, qabul qilinadigan bakalavriat 1-kurs va magistraturaning 1-kurs talabalarini 2020 yil oktyabr oyidan boshlab masofaviy taʼlim orqali onlayn oʼqitishni tashkil etish borasidagi faoliyat tanqidiy tahlil qilindi. Аyrim yoʼnalishlarda ishlar 27 foizga bajarilgani, masʼullar bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratishi lozimligi, belgilangan muddatlarda koʼrsatib oʼtilgan kamchiliklar bartaraf etilishi boʼyicha nazorat oʼrnatildi.

Shuningdek, onlayn yigʼilishda 2020-2021 oʼquv yili abiturientlari qachon va qaerda qanday tartibda imtihonda ishtirok etishlari boʼyicha xatlar tayyorlash, abiturientlar bilan aloqa oʼrnatish va soʼnggi oʼzgarishlar haqida ularni xabardor qilish lozimligi qayd etildi.

Masofaviy taʼlimni sifatli tashkil etish maqsadida quyidagi masalalar yuzasidan kechiktirib boʼlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etilib, masʼullarga tegishli vazifalar yuklatildi:

– talabalar uchun masofaviy taʼlim elementlarini sifatli tayyorlash;

– masofaviy taʼlim boʼyicha professor-oʼqituvchilarning tajriba, malaka va koʼnikmalarini oshirish maqsadida treninglar oʼtkazish;

– universitetning masofaviy taʼlim tizimi (platformasini) faoliyatini kamchilik va nuqsonlarsiz ishlashini yoʼlga qoʼyish;

– oʼquv adabiyotlari, shu jumladan xorijiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish boʼyicha zarur choralarni koʼrish;

– kredit-modul va masofaviy taʼlim tizimining mazmun-mohiyatini barcha professor-oʼqituvchilarga tushuntirish.

– masofaviy taʼlim boshlangandan soʼng sifatsiz dars beradigan, maʼruzani oʼqib beradigan va diktovka tarzida oʼtadigan, talabalar tomonidan eʼtiroz bildiriladigan, shuningdek, tamagirlik qiladigan professor-oʼqituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish boʼyicha tushuntirishlar olib borish va aniq choralar koʼrish.

Yigʼilish soʼngida tamagirlik ortidan korruptsion holatlar sodir etadigan, vazifalarni belgilangan sanada bajarmagan yoki oʼz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan masʼul xodimlarga qonunchilikka asosan chora koʼrilishi haqida ogohlantirildi.

Просмотров: 15Комментариев: 0

Недавние посты

Смотреть все